
O‘zbekiston Yengil Atletika Federatsiyasi Raisi boshchiligida 2025 yil davomida o‘tkaziladigan ommaviy yugurish tadbirlariga tayyorgarlik ko‘rish yuzasidan Idoralararo ishchi guruh yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
Yig‘ilishda joriy yil davomida respublika bo‘ylab o‘tkazilishi rejalashtirilgan ommaviy yugurish tadbirlariga, jumladan 13 aprel kuni bo‘lib o‘tadigan Markaziy Osiyodagi eng yirik sport tadbirlaridan biri – VII Toshkent xalqaro marafoniga tayyorgarlik holati muhokama qilindi.
Xususan, tadbirlar jarayonida tegishli vazirlik, idora va tashkilotlar vakillarining mas’uliyatini oshirish, tashkiliy ishlarni hamkorlikda amalga oshirish hamda marafonlarni yuqori saviyada, hech qanday kamchiliklarsiz o‘tkazish lozimligi ta’kidlandi.
Shuningdek, marafonlarning har bir bosqichida ishtirokchilarning harakat xavfsizligini ta’minlash, ular uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, musobaqalarni adolatli tarzda o‘tkazish hamda sanitariya punktlarini tashkil etish kabi muhim vazifalar yig‘ilishda atroflicha ko‘rib chiqildi.
Ma’lumot o‘rnida: Qashqadaryo viloyatida o‘tkaziladigan navbatdagi marafon 29–30 aprel kunlari Shahrisabz shahrida bo‘lib o‘tadi. Tadbir quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha tashkil etiladi:
• Talaba-yugur
• O‘quvchi-yugur
• Harbiy-yugur
• Eco-save Aral 2025
• Inson uchun
• Kids Run
