
Raqamli dunyo va insoniylik
Raqamli dunyo va insoniylik: yurakni unutgan zamonmi?
Bugun insoniyat ilgari hatto tasavvur qilolmagan darajadagi texnologik taraqqiyot davrida yashamoqda. Har birimizning qo‘limizda bir olam – kichik ekran, ammo cheksiz imkoniyatlar. Biz “olamga ochildik” deyapmiz. Ammo… yuragimizga yopildik chog‘i?
Raqamli asr hayotimizni yengillashtirdi. Albatta, bu inkor etib bo‘lmas haqiqat. Masofa degan tushuncha yo‘qoldi – istalgan odam bilan bir zumda gaplashamiz, xabarlashamiz. Bilim, axborot, yangilik – barchasi bir barmoq harakati bilan qo‘limizda. Lekin shu qulaylik ortidan nimani yo‘qotdik?
Ona mehrinimi? Dada nasihatinimi? Ustoz duosinimi? Yoki… insoniylikni?
Bugun yoshlar tongda onasining «nonushta tayyor» degan ovozidan emas, telefonning “pling” degan signalidan uyg‘onyapti. Ota-onalar farzand ko‘ziga emas, qo‘l telefoniga qarab “gaplashadi”. Yurakdan yurakka emas, tarmoqlardan tarmoqqa bog‘lanamiz. Holimizni hol so‘rashdan emas, “status”dan bilamiz. Qachondir ko‘zdan ko‘zga oqib tushgan yosh, endi “emoji”larda izlayapti o‘zini.
Ha, bugun insoniyat texnikada yuksaldi, lekin ba’zilar yurakda sustlashib bormoqda. Tafakkur tezlashdi, lekin tafsilotlarni anglash susaydi. Hissiyotlar ifoda topmayapti – hatto quvonchimizni ham sun’iy filtrlardan o‘tkazib ko‘rsatamiz. Go‘yoki boshqalarga “zo‘r” ko‘rinish istagida o‘z “men”imizdan uzoqlashmoqdamiz.
Raqamli dunyo — vosita. Aslo maqsad emas. Bu vosita orqali biz insoniy qadriyatlarni, mehrni, halollikni, samimiylikni kengroq yoyishimiz mumkin edi. Ammo ular aksincha, bu olamda shovqinda yo‘qolayotgandek.
Bugun bolalar ota-onasidan mehrni emas, kontentni ko‘proq ko‘radi. O‘quvchilar ustozni emas, sun’iy aqlni ustun ko‘radi. Yigit qizga yuragini emas, internetdan ko‘chirgan matnni taqdim etadi. Bu – yuraksiz jamiyat emasmi?
Shunday ekan, kel, insoniylikni unutmaylik. Texnologiyadan foydalanaylik, ammo yurak bilan. Xabarda emas, hayotda mehru muhabbat beraylik. Qalblar o‘rtasidagi aloqa — har qanday internetdan kuchliroq. Raqamli dunyo yuraklarni sovutmasin. Axir biz insonmiz, robot emasmiz!
Baxtiyorova Shirin
Saidova Munira
Qarshi davlat universiteti Filologiya fakulteti talabalari

