
Bugun Qarshi shahridagi “Odina” yodgorlik majmuasi “Qatag‘on qurbonlari muzeyi”da Turkiston jadidchilik harakatining asoschisi Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 150 yilligi munosabati bilan “Behbudiy izdoshari” nomli ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi.
Bugun Qarshi shahridagi “Odina” yodgorlik majmuasi “Qatag‘on qurbonlari muzeyi”da Turkiston jadidchilik harakatining asoschisi Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 150 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan “Behbudiy izdoshari” nomli ilmiy-amaliy konferensiyada ishtirok etdim.
Avvalo, tadbir o‘tkazish uchun tanlangan joy juda yoqdi. Sababi, bu maskan ne-ne qatag‘onlarni ko‘rmagan deysiz. Yaqin tarixda “O‘zbeklar ishi” bo‘yicha “aybdor” deb topilganlar tergov jarayonida ayni shu yerda “Qarshi qamoqxona”sida saqlangan. Qolaversa, tadbirni o‘tganlar ruhiga atab Qur’on tilovati bilan boshlanganining o‘zi ham dillarga huzur baxsh etdi. Vohamizdagi tarixchi olimlarning Behbudiy hayoti, uning Qarshi shahri bilan bog‘liq faoliyati, fojiali taqdiri haqidagi yangi ma’lumotlari shaxsan menda katta taassurot qoldirdi. Tadbirga tashrif buyurgan talaba yoshlar va maktab o‘quvchilarining “Odina”, “Qilichboy”, “Abdulazizxon”, “Sharofboy” madrasalari tarixi bilan tanishtirilganligi ham o‘ziga xos bir saboq bo‘ldi, desam xato bo‘lmaydi.
Tadbir tashkilotchilariga, jumladan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Qashqadaryo viloyati bo‘limi va Qarshi shahri bo‘linmasi mas’ullariga yurakdan minnatdorchilik bildiraman. Yaqin kunlarda men qatnashgan tadbirlarimdan bu qadar zavq va yangi ilmlar olmagan edim.

