Mahalliy

Qozog‘iston voqealari: Markaziy Osiyo ko‘ksidagi og‘riq

Qozog‘istondagi voqealarda o‘z yurti, Vatani, muqaddas tuprog‘ini sevuvchi, ardoqlovchi qozoq xalqida hech ayb yo‘q. Bu to‘s-to‘polonning yuzaga kelishiga, alanga olishiga aybdorlar bor, buzg‘unchi kuchlar bor. Ular chetdan turib, Qozog‘istonda urush oloviga yog‘ sepib turishdi, oddiy xalqni fikru dunyosini chalg‘itdi, o‘zligi va qarashlarini o‘zgartirishga harakat qilishdi.
Qozoqlarni yaxshi bilaman, juda samimiy va bag‘rikeng xalq. Do‘stlikni juda qadrlashadi. O‘z millati va qadimiy qadriyatlarini hurmat qilishadi. Shunday xalqning o‘z davlatiga qarshi o‘q otishiga, o‘z qo‘rg‘oniga o‘t qo‘yishiga hech ham ishonmayman. Mustaqil bo‘lganiga 30 yil to‘lgan, tobora gullab-yashnab borayotgan Qozog‘istonning dunyoda o‘z o‘rni bor. Demak, ko‘rolmovchi va buzg‘unchi kuchlar qozoq xalqi ravnaq topib borayotganiga, hayoti farovonlashayotganiga hasad qilayapti. Xalqni davlatga qarshi qayrab, urush chiqarayapti. Afsuski, bu ig‘vo va fitnalarga ko‘pchilik odamlar aldanib, buzg‘unchi kuchlar harakatlariga qo‘shildi.
Agar tinch namoyishchilar qo‘ygan talab bajarilsa, ular tinchlanishi, namoyishni to‘xtatishi lozim edi. Davlat namoyishchilar talabiga ko‘ra gaz narxini pasaytirdi, hukumatni tarqatib yubordi. Xo‘sh, yana nima qilishi kerak edi? Bundan ko‘rinib turibdiki, maqsad butunlay boshqacha bo‘lgan. Qora kuchlar urush olovini yoqib, mamlakatni parokanda qilish, xalq boshiga qora kunlarni solish rejasi bo‘lgan. Bu reja qisman amalga oshdi. Xalq qo‘zg‘aldi va qanchan-qancha qurbonlar berildi. Hayot izdan chiqdi, million-million dollar zarar ko‘rildi. Madaniy-maishiy ob’ektlar, savdo do‘konlari buzildi, xalq sarosimaga tushdi, yosh bolalar maktabga bora olmay qoldi, universitetlarda o‘qish to‘xtadi, ba’zi korxonalar ish faoliyati susaydi. Onalar faryod chekishdi. Otalar unsiz ko‘z yosh to‘kdi. Shu kerakmidi, namoyishchilarga?!
Nega bunday holat kelib chiqdi, degan savol tug‘ilishi mumkin-da. Bunda urush olovini Markaziy Osiyodagi boshqa davlatlarda ham yoqish mumkinmi, degan savol berilganda har bir kishining yuragi zirqirab ketadi. Chunki urush bu adolatsizlik. Urush bu tengsizlik, kimningdir molu dunyosini shafqasizlik bilan tortib olish. Yerini adolatsizlik bilan egallab olish degani. Bo‘lmasa urushning nima keragi bor? Qozog‘iston o‘z yeri, mulki, xalqi, davlatini birovga berishni istaydimi? Yo‘q, istamaydi. Kim ham bunday bo‘lishini istaydi, deysiz. Demak, xalqimiz tinchlikni, xotirjamlikni va erkin va farovon hayot tarafdori. Farzandlari tinch bag‘rida bo‘lishini, oilasi, qavmu qarondoshi sog‘-omon bo‘lishini istashadi. Qozog‘istonda bo‘lgan bedodlikning hech kimga keragi yo‘q. Demak, Qozog‘istonda ro‘y bergan bu to‘s-to‘polon va olomonning tartibsizliklari bu mamlakatga buzg‘unchi kuchlarning kirib olishi va xalqning qarashlarini, mafkurasini o‘zgartirishga erisha olganining oqibatidir.
Bugungi davr urushlari qurol-yarog‘ yoki harbiy texnikalar yordamida olib borilmaydi. Balki mafkurasini izdan chiqarish, o‘zligini unutish, qadriyatlarini chil-parchin qilish orqali yuzaga keltiriladi. Qozog‘istonda ham xuddi shunday bo‘ldi. Hayot xuddi tinch-osuda o‘tayotgandek, xuddi suvning yuzi oqayotganga o‘xshamaydiyu, tagi tez oqayotgan daryo misoli edi. Bu – Markaziy Osiyo ko‘ksidagi mislsiz og‘riq. Garchi voqea Qozog‘istonda sodir etilgan bo‘lsa-da, shu mintaqada yashayotgan har fuqaroning ko‘ksida mislsiz og‘riq bo‘lib sanchilmoqda. Bundan xulosa chiqarish kerak. Nafaqat O‘zbekiston balki, barcha shu mintaqadagi davlatlar xalqlari o‘z kelajagi, taqdiri va Vatani ravnaqini o‘ylasa, albatta, yurtiga, Yurtboshisiga tosh otmasligi lozim. Chuni madaniyat Sharqdan, bizdan boshlanadi.

Faxriddin Bozorov.

Добавить комментарий

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *