“Diyora, butun O‘zbekiston siz bilan faxrlanadi!” — Saida Mirziyoyeva
Saida Mirziyoyeva Parij—2024 Olimpiadasi chempioni dzyudochi Diyora Keldiyorovani g‘alaba bilan tabrikladi.
“Bugun o‘zbekistonliklar va shaxsan mening qalbim cheksiz quvonchga to‘ldi — Parij-2024 Olimpiadasida mamlakatimiz ilk oltin medalni qo‘lga kiritdi!
Dzyudochi Diyora Keldiyorova — O‘zbekiston tarixida yozgi Olimpiya o‘yinlarida oltin medal olgan ilk ayol sportchi! Shuningdek, u Olimpiadada dzyudo bo‘yicha ilk oltin medalni olgan sportchimiz sifatida ham tarixga kirdi.
Diyoraning yorqin g‘alabasi bu – faqatgina “oltin medal” emas, balki sport to‘garaklarida tinimsiz shug‘ullanib, ulkan zafarlar haqida orzu qilayotgan ko‘plab qizlar uchun motivatsiya hamdir!
Diyora, butun O‘zbekiston Siz bilan faxrlanadi!”, — deb yozdi Saida Mirziyoyeva.
-52 kg vazn toifasi vakili Diyora Keldiyorova hal qiluvchi bahsda kosovalik Distriya Krasnichiga qarshi tatamiga chiqdi.
Diyora raqibini yengib, oltin medal sohibiga aylandi.
Shu tariqa Diyora Keldiyorova Olimpiya o‘yinlari chempionligini qo‘lga kiritgan ilk o‘zbekistonlik dzyudochiga aylandi. Shuningdek, 16 yil deganda o‘zbekistonlik ayol sportchi yana Olimp shohsupasiga ko‘tarilmoqda.
Diyora nimchorak finalda yaponiyalik Uta Abeni yengib, chorak finalga chiqqan edi. 1/4 finalda esa germaniyalik Masha Ballhaus taslim etilgandi. Yarim finalda esa o‘zbekistonlik dzyudochi mezbon Amandin Busharni mag‘lubiyatga uchratgandi.